109-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi:
1) O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlarining, hukumat, mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi davlatlararo shartnomaviy va boshqa majburiyatlarining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi;
2) O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonunlarining, O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarini ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi;
3) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonunlarining O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beradi;
4) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalariga sharh beradi;
5) O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining muayyan ishda qo‘llanilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligi to‘g‘risida sudlar tashabbusi bilan kiritilgan murojaatini ko‘rib chiqadi;
6) konstitutsiyaviy sudlov ishlarini yuritish amaliyotini umumlashtirish natijalari yuzasidan har yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risida axborot taqdim etadi;
7) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari bilan berilgan vakolati doirasida boshqa ishlarni ko‘rib chiqadi.
Konstitutsiyaviy sudning hujjati rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Konstitutsiyaviy sudning hujjati qat’iy va uning ustidan shikoyat qilinishi mumkin emas.
Konstitutsiyaviy sudni tashkil etish va uning faoliyati tartibi qonun bilan belgilanadi.